| Xurshid Davronga
Voznesenskiy bilan uchrashuv
Buyuk shoirlar
Oybek
Muhammad Yusufga marsiya
Xurshid Davronga
Gul bilan gul o’rtasida sehr-labxandlar kerak, Dil bilan dil o’rtasida mehrpayvandlar kerak.
Buzmagay olamni, obod aylagay dil toshqini, Dil bilan dil o’rtasida, aytmagil, bandlar kerak.
Dil bilan gul qoni hamrangdir, vale ishq yo’lida Dil qoni birlan bitilgan ontu savgandlar kerak.
Ko’rdi har turluk shiorlarni bu yurt peshtoqlari, Endi unga Mir Aalisherdin bitik, bandlar kerak.
Turli peshvolarni boshdin birma-bir o’tkardi el, Elga har xil otalarmas, endi farzandlar kerak.
Faxr uchun momiq emas, har bir ko’ngilning qonida Dil bila el qonidan bo’lgan Samarqandlar kerak.
1989
Yuqoriga

Voznesenskiy bilan uchrashuv
Fasllar umumlashdi, Qayda g’am? Qayda sevinch? O’n uch yil o’tib ketdi, Andrey Andreyevich!
Radioni titganday Robotlar meni titdi. Andrey Andreyevich, O’n uch yil o’tib ketdi.
O’n uch chinqiriq, o’n uch Faryod, o’n uch samolyot. Tun-u kun guvlab yotgan Aeroportdir xotirot.
Yetmish beshinchi yil. Qish. Tunlar uzun, beoxir. She’ringizni tushunmoq Sapromatdan ham og’ir.
Menga u payt kerakdi Ozroq pul, ozroq mehr. Qars etib sindi orzu, Toshday qattiq edi she’r.
Pargorning ignasiday Sanchildi tilga satr. She’riyat- qurbonlikdir, Shoirlik-mangu sabr.
Sizning “Aksildunyolar” Dunyolar bo’ldi asil. Andrey Andreyevich, Uchib ketdi o’n uch yil!
Mana, Moskva. Meni Quchar marmar sohillar. Bir-biriga o’xshaydi Suvlar, ko’priklar, yillar.
O’n uch oq tulporimga Yana tashbeh izlayman: Ostankino minorini Undov belgisi yanglig’ Yillarga qo’ysam deyman!
1988
Yuqoriga

Buyuk shoirlar
Buyuk shoir bo’lmoq bu ne jazodir? Afzalmasmi tirik yurgan chumoli? Lutfiy bobo, Mir Alisher va Bobur Javonlarda turishibdi qamalib.
Boqaversang tiriklik nahoridan, G’unchalarning ochilmog’i bir zebo. Maymunlar-u boyqushlar diydoridan Bebahradir bunda Gulxaniy bobo.
Furqat chekar ayriliqdan oh-fig’on, Hanuz ayro qismatlari umumiy: Mavlono deb siylasalar-da, hamon Muqimgina bo’lib yashar Muqimiy.
Mo’ltiraydi bechora Usmon Nosir, Cho’lpon ko’rmas ko’kdagi cho’lponlarni. Barchalari zindondan chiqib oxir Band etmishlar shu tig’iz javonlarni.
Nelar ko’rdi Oybek yorug’ jahondan? Bunda ham u o’z sukuti, o’yida. G’afur G’ulom chiqib ketdi javondan, Sayr etolmas anhorlarning bo’yida.
Nima kerak senga bundoq buyuklik, Qalam taftin sezmasa gar barmog’ing? Qanday yaxshi shon-shuhratsiz tiriklik, Yallo qilib she’rlar yozib yurmog’ing!
1998
Yuqoriga

Oybek
O’zicha osmondan tushmagan Oybek, Yaralmish mehr ila armondan Oybek.
Agar-chi davr uni tildan ayurdi, Vale ayrilmadi iymondan oybek.
Uni o’z lafziga zor aylaganlar Quvonmishlarki : qoldi sondin Oybek.
Hasad g’avg’osi-yu minnat jafosi, Ne ko’rdi ul buzug’ davrondan Oybek?
Ezilgan kiftlarida o’zbaki to’n, O’tib keldi ochiq zindondan Oybek.
Axir inson edi ul kamtarin zot, Sadoqat istadi insondan Oybek.
Zabonsiz, horigan, o’ychan va og’ir Ulug’ erdi ulug’ ummondan Oybek.
Uni o’ylantirib millat kamoli, Kechirmish dardlarini jondan Oybek.
Zarifa opamizkim-quvvat olmish O’zi tog’ bo’lsa ham rayhondan Oybek.
Vatandin ketmagan, singmish Vatanga, Yetishgan shu ulug’ karvondan Oybek.
O’zi yo’q, jismi yo’q, lek ko’zlari bor, Navoiydek boqar ayvondin Oybek.
2005
Yuqoriga

Marsiya
Muhammad Yusuf… Muhammad Yusuf… Labimda qoldi Taronam mening. Havoda qoldi Qo’lim gul uzib. Endi kerakmas Bahonam mening.
Bunchalar qalin Dunyoning po’sti. Bug’doyday hoksor Bir shoir o’sdi. Nogoh bir xabar Tongimni to’sdi. Titradi olam, Yig’ladi onam: Senmi, she’riyat, Senmi jon qadar ! Dildagi so’nggi Tomchi qon qadar ! Tuproqday aziz Ham osmon qadar. Ko’kni o’sha kun Qaldirg’och bosdi Xorazmdan to Andijon qadar.
Hayot-goh bir baxt, Bir omadgacha. Yo mingta nomard Yo bir mardgacha. Toshkentdan toki Marhamatgacha, Keta ketguncha, Qiyomatgacha- Teraklar, tollar Qoldi bo’y cho’zib, Muhammad Yusuf… Muhammad Yusuf…
Kuylari qoldi Tog’u toshida O’ylari qoldi Oy, quyoshida, Buloq boshida, Xirmon boshida, O’zbekning qora Ko’z-u qoshida. Bir shoir ketdi, Bir shoir o’tdi Bobur yoshida, Bobur yoshida.
Ey bulbullarga Kuy-g’azal, Vatan. Sen-abad Vatan, Sen-azal Vatan. Kim sendan yuldi, Kim-o’sal, Vatan. Gul, asal Vatan, Sen yuksal, Vatan, O’yladi bolang, Kuyladi bolang, Ey, go’zal Vatan! Ey, go’zal Vatan!
Biz uni-yosh-u – Tuproqqa qo’ydik. Tuproqni qosh-u Qaboqqa qo’ydik. Tushmi, deb avval Ro’yoga yo’ydik. O’zi suygan shu Tuproqqa qo’ydik So’nggi sabr bu, So’nggi safar bu- Ko’proqqa qo’ydik, Ko’proqqa qo’ydik.
Chirqirab qo’ymay Makonlariga- Otadin yodgor Ayvonlariga. Singillari ham Rayhonlariga. Armonlariga, Hijronlariga- Qo’shib jo’natdi Ruh, jonlariga. Olib ketdilar Qaldirg’ochlari Osmonlariga, Osmonlariga.
Aylanar charxning Charxpalaklari, Almashib rang-u Kamalaklari. Qoldi ona uy Sumalaklari, Majnuntollarning
Jamalaklari. Nozima qoldi, Madina qoldi- Kapalaklari, Handalaklari.
Do’st-u yor yo’li Doim yirog’dir. Gohi diydor-u Gohi firog’dir. Dilbandlariga Vatan qarog’dir. Chin farzandlar ham O’chmas chirog’dir. Hozir ham balki Jim o’ylayotir. Yurtiga shan’u Shavkatlar yog’dir, Yo, qodir Olloh, Tuproqlariga Rahmatlar yog’dir, Rahmatlar yog’dir.
2001. avgust
Yuqoriga

|