Biz ham yashayotirmiz,
Qirqdan oshayotirmiz.
Yarmi oq, yarmi yashil
Qirdan oshayotirmiz.
Oqshomimiz kulrangdir,
Piyolamiz gulrangdir.
Bu ne ma’yus jarangdir?
Nechun tubinda zangdir?
Nazar tashlayotirmiz,
Qirqdan oshayotirmiz.
Muhabbatmi yo hikmat?
Mehnatmi yoki minnat?
Sevgimi yokmi sarob?
Sevinchmi yoki azob?
Qayga shoshayotirmiz?
Qirqdan oshayotirmiz.
To’ymay ota-onadan.
Qismat qurgan binodan,
Gohi ibn Sinodan,
Goh nodon-u donodan,
O’tkinchi bu dunyodan
Hasrat boshlayotirmiz,
Qirqdan oshayotirmiz.
Kim ko’nglidan uyolgan,
Ko’ngil qolib, uy slogan.
Kim dunyoga dil berib,
Tashvish, alam, o’y olgan.
Payg’ambarlardan qolgan
Sirdan oshayotirmiz,
Qirqdan oshayotirmiz.
Yuqoriga

Yangi bog’ning eshigiga
Har narsada O’zing haqsan eng avvalo,
Yomonlikni bu tuproqdin ko’tartirgin.
Odamzot ham yog’och yanglig’ o’tmasin to,
Ne bo’lsa ham, e Xudoyim, ko’kartirgin!
Yuqoriga

Yassaviy devoniga
Bu dunyoning tubini men topib qo’ydim,
Sho’ralagan tuprog’ini chopib qo’ydim.
Siz bemaslak tushib ketmang deya, uni
Yassaviyning devoni-la yopib qo’ydim.
Yuqoriga

Oqsaroy devori lavhiga
Gumbazlardan tikilgay
Temur bobo ko’zlari,
Oqsaroy-u Ko’ksaroy
l zotning inshosidir.
Shunchaki aytilmagay
odsholarning so’zlari,
Podsholarning so’zlari
o’zlarning podshosidir.
Yuqoriga

Navoiy tug’ilgan kun
(Hazrat haykali lavhiga)
Har ko’ngil ishq ichra pok
tiynat bo’lar kundir bu kun,
Bitta so’z olam aro
ziynat bo’lar kundir bu kun.
Tiyra dunyoga ziyo sochgay
munavvar bir ism,
Bir ismdan bir ulus
millat bo’lar kundir bu kun.
Yuqoriga

“Guliston” kitobiga
Ushbu “Guliston” ichra yo’q
so’zdan go’zalroq siymu zar,
Sa’diy boboning o’zlari
hikmat choponin kiygizar.
Yuqoriga

Qodiriyning shiyponiga
Bunda Bedil g’azallarin rukn, bayti bor
Va Navoiy devonlarin sukunati bor.
Bunda har barg so’ylar o’tgan kunlardan ma’no,
Bunda hanuz yerga qarab turibdi Ra’no.
Yuqoriga

“Tundaliklar” kitobiga
Bu – bir uyg’oq inson,
ko’ngli bedorning
Umri, fasllari,
kun, yillaridir.
“Tundaliklar” emas,
Asqad Muxtorning
Tortgan alamlari,
xun dillaridir.
Yuqoriga

“Turnalar” kitobiga
Qayga ketdi Rasul Hamzatov?
U bir shoir holiday ketdi.
Ajdodlarning qatoriga-yu
Avlodlarning yodiga ketdi.
Bu dunyoga, so’ng bor xo’rsinib,
G’amgin nazar soldi-da ketdi.
Odamlardan charchadi oxir,
Turnalarning oldiga ketdi.
Yuqoriga

Otamning paxsa devoriga
Menn ham bu dunyoni ko’rayotirman,
Past-u balandida yurayotirman.
Otamni sog’inib,
Otamni qo’msab,
Men ham sen kabi jim nurayotirman.
Yuqoriga

O’roqning dastasiga
Osmon o’sha.
Hamon Yetti qaroqchi bor,
Odamzotning bariga bir so’roqchi bor.
Ko’karamiz. Bo’y cho’zamiz. Sarg’ayamiz.
Hammamizni o’rguvchi bir o’roqchi bor.
Yuqoriga

Qamchining dastasiga
Bu olamda qachon dil dilga yetgay?
Umr tulpori ham manzilga yetgay.
Yuqoriga

Qabr toshiga
Har neki istasang
sabrda topgung,
Sabrdan topmasang,
qabrdan topgung.
Yuqoriga

Piyolaning gardishiga
Piyola aylanar.
Davron aylanar.
Aylanadi Yer-u
Osmon aylanar.
Tiriklik bazmida
qancha zotlar yo’q,
Bu piyola esa
hamon aylanar.
Yuqoriga

Polvonlarning belbog’iga
Hayot o’zi boshdan oyoq
katta kurash deganidir,
Kurashmasang hayoting ham
asli nurash deganidir.
Ulg’aysalar polvon bo’lib
tuzing ichgan o’g’lonlaring,
Yot ellarda ko’krak kerib,
yurtin so’rash deganidir.
Pisand qilmay nazar solsa
bolangga nopisand dunyo,
Dunyoning ham burniga bir
chertib burash deganidir.
Elning or-u nomusidir
er yigitning belbog’i ham,
Yurt nomini yuksak sharaf
shonga o’rash deganidir.
Yuqoriga

Mehmonxona kitobiga eslatma
Yaxshi qo’noqlar-u
Sofdil insonga
Ko’kdan quyosh bilan oy olib bering.
Noshukur bandaga,
Nokas mehmonga
Ho’kizning shoxidan joy solib bering.
Yuqoriga

Muhabbat devoniga
Kuyi ishqida, qarangkim,
andalib bo’ldi ko’ngil,
Andalib bo’ldi ko’ngil, ham
aldanib bo’ldi ko’ngil.
Yuqoriga

O’zimizning tandirga
Aytmangizkim, yurtning non-u tuzi urgay,
Ota-ona va yo elning so’zi urgay.
Noshukur yo nonko’r bo’lsa qay bir farzand,
Eng avvalo shu tandirning o’zi urgay.
Yuqoriga

“Xotira maydoni” ustunlariga
Bunda necha avlodlarning
sog’inchlari bor,
Bunda nomlar jimirlatar
jon birla tanni.
Ustunlar ham Xotiraning
o’ziday poydor,
Ko’tarishib turgandayin
ulug’ Vatanni.
Yuqoriga

Daftarimga
O’choq berdi Xudoyim,
O’tin berdi Xudoyim.
Shu o’tinga yarasha
Tutun berdi Xudoyim.
Kimga yarim, kimlarga
Butun berdi Xudoyim.
Kimga hassa, kimlarga
Ustun berdi Xudoyim.
Kimga omad qushining
Patin berdi Xudoyim.
Menga shu satrlarning
Qatin berdi Xudoyim.
2004
Yuqoriga

Qaldirg’och ko’zliklarim
Qizim Niginaga
Siz – qaro sochliklarim,
Oy-quyosh yuzliklarim.
Qaldirg’och ko’zliklarim.
Hayotim bo’stonida
Qator ketgan g’unchalar.
Quyosh tongdan sut olib,
Sizga yopgay kulchalar.
Buloqlarday sof, tiniq
Jilvalarim siz mening.
Sahardan o’ynoqlagan
Jilg’alarim siz mening.
Kun bo’yi jivir-jivir,
Siz- novvot so’zliklarim.
Mening sho’xliklarimsiz,
Qaldirg’och ko’zliklarim.
Muhabbatning nurlari,
Siz- mehrdan tolalar.
Ko’ngillarimga payvand,
Umrimdagi lolalar.
Mening takror bahorim,
Dunyoda izliklarim.
Erka ham nozliklarim,
Qaldirg’och ko’zliklarim.
Siz birlan xayol yetmas
Manzillarga yetgayman.
To’lqin-to’lqin yillarim,
Daryo bo’lib ketgayman.
Siz – toshqin shodliklarim,
Siz – mening o’zliklarim.
Qaldirg’och qoshliklarim,
Qaldirg’och ko’zliklarim.
Kiyiklarim bor mening,
Ko’kraklarim tog’ bo’lgay,
Siz ulg’aygan bu tuproq
Chaman bo’lgay, bog’ bo’lgay.
Erib ketgay dildagi
Ming yillik muzliklarim,
Qaldirgo’ch qoshliklarim,
Qaldirg’och ko’zliklarim.
2004