|
Sobiq sho’rolar tuzumining eng mudhish va qattol xatolaridan biri bo’lmish Afg’oniston jangida halok bo’lgan o’zbekistonlik o’glonlar xotirasiga bag’ishlab yozilgan ushbu “Nom” ning “Adabiyot va san’at” gazetasida bosilganidan buyon 15 yil vaqt o’tibdi. 1989-yil, oshkoralik bo’lishiga qaramay , bu nadomatnoma ancha-muncha qisqartirishlar bilan e’lon qilingan edi. Shundoq bo’lsa-da, u fojianing mingdan birini ham aytolmaganim ushbu bitiklarning aks-sadosi o’laroq, jumhuriyatimizning barcha go’shalaridan mingdan ziyod xat oldim. Bular-xatlar emas, oh-u faryodlar, nola-yu fig’onlar, motam va nadomatlar edi. Uch oylar uyqum yo’qoldi, nima qilishimni bilmay lol-u karaxt yurdim…
U mash’um urushda sobiq ittifoq respublikalaridan 15 mingga yaqin gulday yigitlar bekorga juvonmarg bo’lib ketdilar, salkam 37 ming yosh-yosh o’g’lonlar mayib-majruh bo’lib qaytdilar. Bu yigitlar ham urushning qalban, ruhan qurbon bo’lib qaytgan ishtirokchilari edilar. Bizning O’zbekistonimizdan qancha qurbon berilgani, nogironlarning son-u sanog’I hammadan sir tutilardi, aytilmasdi. Holbuki, birdaniga ikki qo’l, ikki oyog’idan ayrilib, yolg’iz “butalgan” tirik tana bilan qaytganlarga ham guvoh bo’lgan, u sho’rlik tananing: “Jon okalar, meni otib tashlanglar, men endi kimga kerakman?!” deya zor-zor yig’laganlarini ko’rgan insonlar bor.
U betayin qirg’indan jasadlari qaytgan o’zbek yigitlarining qabrlari endilikda maysazor bo’lib, ,lolalarga ko’milib yotibdi. Qabrdagi lolalar-sho’rlik ota-onalari, aka-ukalari-yu yoru singillarining dog’laridir balki…… Xotira eskirmaydi. Xotira hech qachon o’chmaydi. Hurriyatiga 14 yil to’layotgan ozod Vatanimizda el-u yurtining jonfido farzandlari yodi, Inson xotirasi uchun nechog’li insoniy, ezgu amallar qilinayotgan bugungi kunda besh panjaday ayon. Ulug’ zotlarning rag’bat-u rahnamoligida bino bo’lgan “xotira bog’i”, “Shahidlar xiyoboni” singari tabarruk ziyorotgohlarda uyg’oq ruhlar yanglig’ yam-yashil daraxtlar xomush chayqaladilar. Xuddi, tuzumlar-u zamonlarning xatosi uchun hammamizdan uzr so’rayotganday, qarshimizda xijolat bo’lib turganday.
Men ham uzr so’rayman. Yana bir bor eslatganim uch, u dardli, til-u zabonsiz kunlarga yana bir bor qaytayotganim uchun yillar osha, o’zga asrdan turib kechirim so’rayman.
Vatanimiz gul-u chechaklarga burkanajak. Bu gullarga u o’g’lonlarning ham haqi, ulushi bor edi. Na chora, ularga shundoq yozmish buyurgan ekan, Xudo hammalarini rahmat qilgan bo’lsin.
17.12.2004-yil
Men besh yil bu mavzudan cho’chib yurdim. Besh yil bu hovliga kelishga ikkilandim men. Aytdimki sho’rliklarning dardini yangilab nima qildim, farzandini tiriltirib berolmasam? Besh yil! Besh tog’dan o’tgandayin qiynalib kechdim besh yildan. Go’yo besh tog’ cho’kib ketdi-yu o’rnida besh g’or qoldi- guvillab yotgan besh bo’shliq. Va besh she’riy daftarim besh oqqush singari jonsiz, parishon-ularga dardimni to’kaman deb to’kolmadim. Ularda-yozganimdan ko’ra o’chirganim ko’proq. Kechalar baland terakning quyuq shoxlariga oy ilashib qoladi. Oy, oshiqlarning otash nigohlarini ham, Afg’onda halok bo’lgan yigitlarning so’nik, ko’kimtir yuzlarini ham birdek yoritgan oy. Besh yildan buyon shu terakning shoxlariga ilashib qoladi. Go’yoki sarhaddan u yoqqa o’tgisi yo’qday. Sarhaddan u yoqda… “Qora lolalar” (“qora lola”- Afg’onistonda halok bo’lganlarni ittifoqqa eltgan samolyotlar nomi)‘ esa muztar-nigoron mamlakatga jimgina kelib ketaverdilar. “Qora lolalar” – maqsad-mohiyati noayon urushning munglug’ qushlari. “Sizning o’g’lingiz internatsional burchini bajarayotib mardlarcha halok bo’ldi”. “Sizning o’g’lingiz…” “Sizning o’g’lingiz…” “Sizning…” Mana bu satrlar ham besh yil burun yozilgan edi: Afg’oniston qumlarida yiqilganida askarlar, Men ham yozuv stolimda so’zsiz yaralanganman. “Saksoninchi yillar” dostonidan o’rin olgan ushbu satrlar o’shanda senzura tomonidan olib tashlandi. Jurnal terilayotganda to’xtatib qo’yildi. Satrlar o’rnini to’ldirish uchun shoshilinch ravishda rassomga surat buyurishdi. Mavzuga mos kelmasa-da, doston qoq o’rtasida didsizlar-cha solingan gul rasmi bilan bosilib chiqdi. Men bu so’zlarni nima uchun yozmoqdaman? Vaqt otib olib tashlangan satrlarni qayta tiklash mumkindir, lekin betayin qatag’onda halok bo’lgan o’g’lonlarni hayotga qaytarmoq, ularga jon ato etmoqning hech iloji yo’q. Ularning o’rnini hech qanday gul, hech qanday orden bilan to’ldirib bo’lmaydi! Ularning o’rni bo’sh. Ularning o’rni… Vokzal, aeroportlarda “Ulug’ Vatan urushi” qatnashchilariga…” yozuvlari o’rniga “Baynalminal jangchilarga navbatsiz xizmat ko’rsatiladi” degan lavhalar ko’zga chalinib qoldi. Qani edi bu bilan yaralar bitsa, nogiron xayollar shifo topsa, qani edi… salkam 15 ming qurbon, mayib-majruhlar soni 37 mingga yaqin! Bu avlodga nom ham topilgan: “Urush ko’rmagan otalarning urush ko’rgan bolalari”. Nom. *** Sirojiddin To’raxo’jayev. 1963-yilning 26-yanvarida Toshkentda tug’ilgan. 1984-yilning 14-yanvarga o’tar kechasi xizmat burchini o’tash vaqtida halok bo’lgan. Iztirobning qora hoshiyasi. Ayriliqning mudhish chizig’i. “1963-1984”. Meni bir shafqatsiz haqiqat larzaga soladi: Afg’onistonda halok bo’lganlarning ko’pchiligi 1963-1964-yillarda tug’ilgan. Bu raqamlarni qo’shib chiqsa 19, 20 sonlari kelib chiqadi. O’n to’qqiz, yigirma yosh! Taqdirning o’zi tug’ilgan yillarining sanasi bilan umrlarini belgilab qo’ygandek. “1963-1984”. Bu sanalar oralig’ida kechgan muddatni umr deb atashga til bormaydi, bu muddat tug’ilish bilan o’limni ajratib turgan chiziqdan ham qisqa, go’yoki umid gulbarglariga bir qatra shabnam indi-yu quyosh nurlariga yetishmayin yilt etdi ketdi.
*** Bu hovliga bir o’zim kelishga botinolmadim. Dalda bo’lsin uchun hayotning achchiq-chuchugini obdon totib ko’rgan keksa journalist Abdulla Po’latovdan birga borishni iltimos qildim. Yo’q demadi. Keldik. Qo’yliq mavzesidgi choqqina hovli. Qish oxiri. Osmon tiyra. Ko’ngil osmondan-da tiyraroq. Shu hovliga qadam qo’yayotib, umrimda ilk marta o’z ismim o’zimga xalal berayotganini angladim. Uydan barvasta gavdali, yuzlari qorayib-qovjirab ketgan kishi chiqdi. Ota. “ G’am qoraytirgan”, deb o’yladim darrov. Ko’zlarimiz bir to’qnashdi! Sadriddin akaning ko’zlariga tik qaray olmadim. Ulardagi mung yuzdagi g’am rangidan quyuqroq, tubsiz edi. Tuganmas anduh chinqirab yotardi ularda. Uyga kirdik. Xontaxta. Ko’rpachalar. Jikkakina momo dasturxon tuzayapti. Salom berdik. “Sirojiddin shu kishining qo’lida katta bo’lgan, buvisi”,- dedi Sadriddin aka. Mulozamatdan so’ng o’tirdik. Jimlik… (Hech bir oilaning boshiga solmasin bunday jimlikni!) Keyin buvi nola qildi: - Bolam shu yerginada yotardi har sahar o’zim uyg’otardim chinnikosani to’ldirib shu qaymoqlardan ichardi olinglar silage nasib qilgan ekan man Xudodan emas bandadan ko’raman bolam bolam… tirik ketgan bolamni bo’yi ikki metrlik bolamni tobutga solib qaytarishdi tobut ham kichkina xontaxtacha keladi (bo’g’zimda tosh yosh, qoyaday bo’p o’tirgan Sadriddin aka ko’z oldimda mushtday kichrayadi. Po’latov yig’laydi) tobutni ochirishgani qo’yishmadi bu maning bolam emas deb dod deb yoqalariga yopishdim… keyin orden berishdi qizil yulduz degan besh yil bo’ldi eshik tiq etsa bolam deyman bolam bolam…
*** Sirojiddin qanaqa bola edi? Sadriddin aka so’zsiz so’rovimni ilg’aganday kuyiblar ketadi, armon qiladi: - Fe’li o’zgacha edi uning. Egrilikni bilmasdi, kishining rahmi keladigan darajada to’g’ri edi. “Sen bolam hayotda kun ko’rishing hali qiyin bo’ladi” derdim. Bolaligidan surat chizardi. “Bitta ishimni Italiya yo Fransiyada ko’rsatmagunimcha qo’ymayman” derdi. Hayot bo’lganda bu yil bitirishi kerak edi. Juda qiziq edi-da u. armiyaga kuzatgani vokzalga chiqqanimizda qaysi shaharga tushishi bizga hali ma’lum emasdi. Poyezdning ichida ofitserlardanbilib olganmi, jo’nayotganda vagonning oynasiga tuyaning rasmini chizgandi o’shanda. Bu –“sahroga, Turkmanistonga ketyapmiz” degani edi. Keyin xat keldi. Afg’onistondan… “Bo’yoqlarimni hidini sog’indim” deb yozardi. Bir xatida bloknot varag’iga surat chizib yuboribdi: bo’ri, bo’rining peshonasiga tegib ortga qaytayotgan tosh… “Ha bolama, -dedim,- peshonagga tosh tegibti-da!...” Voy bolam, voy-voy bolam bechora-yey! Bizlarni ham bir bolta bilan urishdi-da! Urishganda ham yomon urishdi!...
*** Xatlar. Ularda o’lim yo’q. umid va sog’inch bor ularda. O’qiyotib , ularni yozgan farzand hozir eshikdan kirib keladiganday bo’lib tuyulaveradi. Bu tuyulishlar ushbu xonadonda besh yildan buyon muttasil davom etib kelayotganiga shubha yo’q. shu darajada muttasilki, endi buvi, ota-yu volida , uka singillar uchun eshik eshik emas, nevara-farzand-aka timsolini olgan. Ular rutubatli kechalarda hovlida shildiragan xazondan ham xushxabar kutadilar. Ular uchun derazada chayqalgan soya dilbandlari bo’lib tuyulaveradi. Xatlar. Xontaxtadagi piyolalarda choyimiz sovub qolgan, ko’rpachada – xatlar , bir yigitning iliq nafasi kelayotgan, sog’inchi, umid-amoli hali sovub ulgurmagan xatlar!... “…uydagi ishlar qanday ketyapti? Romlarni qilishni ham boshlab yuborgandirsizlar?...” Ilkis hovliga qarayman. Yon tomondan yangi imorat tushgan. Yangi eshik, yangi romlar- hali bo’yalmagan ham, oyna ham o’rnatilmagan. Bu, balki, farzand xizmatdan qaytgunga qadar bitishi lozim bo’lgan, farzandga niyat qilingan uydir? Ota-ona kelin tushiramiz deb orzu etgan umid uyi shudir balki? Sinchlar til chiqarsalar-osmon yonib ketardi, ostonaga zabon bitsa- shahar sel bo’lib oqmog’I muqarrar! “… Mandan xavotir bo’lmanglar. O’zimni ehtiyot qilib yuribman. Oyijonim ham xavotir bo’lmasinlar. Bu yog’I, xudo xohlasa, yaxshi bo’ladi…” “… Bu yerda xat olish juda boshqacha bo’lar ekan. Nima bilan shug’ullanayotganim haqida yozolmayman… 1,5 yildan keyin, albatta sog’-salomat boraman…” “… Endi Sizlar bilan faqat 1986 –yilni birga kutamiz… Yangi yil sizlarga faqat baxt keltirsin!... “ 1983-yilning 21-dekabrida bu so’zlarni bitayotgan farzand hali bilmasdiki,, 24 kundan keyin hammasi tamom bo’ladi, orzu0niyatlari chirqirab qoladi, u hatto nima uchun, qaysi vatan uchun, qanday maslak yo’lida halok bo’lganini bilmasdan hayronlar ketadi. U hali bilmasdiki, yangi yilning 25-yanvarida, ya’ni tug’ilgan kuniga bir kun qolganda tug’ilib-o’sgan hovlisi biqinida “Ochish mumkin emas” deb yozilgan tunuka tobutni ko’tarib kiradilar va bu qutining ichida uning borligini ham, yo’qligini ham hech kim aytib berolmaydi, u hali bilmasdiki, Savr inqilobi degan shovqin-suronlar siyosiy alahsirashday bir gap bo’lib chiqadi va bu alahsirash salkam15 ming o’g’lonning umrini xazon qilganini, 37 mingga yaqin gulday yigitni nogiron etganini , u o’zini ehtiyot qilib yursa ham, “insonparvar” mamlakatining kaltafahm peshvolari uni allaqachon o’lim komiga topshirganini u hali bilmasdi! U hali bilmasdiki, unga atalgan uyning romlari olti yildan keyin ham bo’yalmayin qolaveradi, ularni bo’yashga, oyna o’rnatishga otasining qo’li bormasligini u hali bilmasdi… Xatlar ichra bir xat… Men bu xatning chiqishini bilardim, odobdan bo’lmasada, ko’nglimning qay bir go’shasida bu xatni o’qib ko’rishga ilhaq ham edim, ayni paytda, Xudoyo!... Lekin xat qo’limda edi, endi uni o’qimaslik also mumkin emasdi va otadan hamda uni yozgan qizdan g’oyibona izn so’radim. Garchi bu nomaning qo’lidan endi hech narsa kelmasa-da, garchi bu nomaning qo’lidan endi hech narsa kelmasa-da, garchi, garchi … Xat Sirojiddinning nomiga yozilgan edi va o’limidan so’ng shaxsiy buyumlariga qo’shib oilaga topshirilgandi. “ Mening yagonaginam! Biz sen bilan bir yilda, bir oyning bir kunida tug’ilganmiz. Biz o’n sakkiz yoshda uchrashgandik va mangu birga bo’lamiz! Bizni hech narsa endi bir-birimizdan ajratolmaydi! Biz hamisha birga bo’lamiz. Biz vaqtdan ham kuchliroqdirmiz. Seni yaxshi ko’raman. Senga ishonaman! Sening…” Hamma narsa-xontaxta, piyolalar, tegramdagi g’amzada qiyofalaru derazalr noxos chekinadi, ularning o’rnida oqish ko’lankalar qoladi, so’ng bular ham g’oyib bo’ladi-yu qarsillab yomg’ir quyadi, va men yomg’irlar ostida kuyib ketayotgan bir qizni ko’raman.
*** Qabriston. Fevralning o’rtalari, ko’klam nafasi ham sezilib qolgan. Eshikdan kirganimizda chetdagi hujradan miqtigina bir kishi chiqdi. Salom-alikdan so’ng o’zimizni tanishtirdik. U kishi shu qabriston xizmatchisi jambul aka ekan. Men gapirolmadim. Po’latov “Afg’onistonda o’lgan yigitning” qabrini ko’rsatishni iltimos qildi. Jambul aka biroz taraddudlandi, so’ngra aytdiki, “Qaysi birini? Ular bu yerda sakkiz kishi…” men junjikib ketdim, po’latovning lablari quruqshab pirpiray boshladi. “Rassom yigit, dedi u nihoyat. – To’raxo’jayev. Sirojiddin”. Jambul aka yo’l boshladi, biz ergashdik. Qabristonga ko’klam erta keladi. Tashqarida, shaharda qor uyumlari hali erib ulgurmagan esa-da, bu go’shada tuproq ko’pchib, ilk maysalar nish urgan, tepachalar nafas olayotganday, ular ko’tarilib tushayotgan ko’kraklar bo’lib tuyuladi. Ko’klamlari bevaqt xazon bo’lganlar yotgani uchun shundaydir balki? Sirojiddin buvasining yoniga qo’yilgan ekan. Ariq yoqasidagi o’tirg’ichga o’rnashamiz. Jambul aka tilovat qiladi. Keyin Sadriddin aka paydo bo’ladi. Bu yerga kelishimizdan uni ogoh etgan edik, uyda o’tirolmay ortimizdan kelibdi. Qabrdagi oq marmar lavhada yozuv: Serjant To’raxo’jayev S. 1963.26.1.-1984. 25. 1. Xizmat burchini o’tash vaqtida halok bo’lgan. Lavhada uning sarg’ish rangdagi bo’rtma surati ham o’rnatilgan. “Buni o’rtoqlari qilgan”, - deydi Sadriddin aka. Taomilni bajardik hisob, lekin nimadir meni ketgani qo’ymaydi, nimadir qadamlarimni changallab turganday, nimadir… Jambul akaga o’girilaman, miqtigina odam battar kichrayib ketganday tuyuladi, qaqshabon aytamanki, boshqalarning qabrini ham ko’rsatsangiz. U yo’l boshlaydi, men ergashaman. Nomlar. *** Va marmar lavhalardan jilmayib turgan, mas’um, ma’yus o’smirlar nima sababdan bu yerda yotganlarini bilmoqchiday bizga tomon zor-zor termuladilar. Ular suratlarda shu qadar mas’um , shu qadar beozor! Ular- tabassum bo’lib ulgurmagan lablar, sevinchga chog’lanib, shu tahlit mangu surat bo’lib qolgan yuzlar, devorlardagi kemtik nonlar-ular, olinmagan suyunchilar, nasib etmagan to’ylaru buyurmagan kuyovlik sarpolari –ular, ular shu qadar mas’um, shu qadar yosh! “ Bularni qarang,- deydi yonimdagi miqtigina odam,- bularning gunohi nima? Bularning uvoli tutmaydimi, a?!” Men bularning sevgisini, orzu-havasini yozolmayman, kelajakda ham o’rinlari bo’sh qolishini bitishga qo’lim bormaydi, men, masalan, bulardan birovining oilada o’n farzand ichida katta bo’lganini, o’ligi kelganda onasi aqldan ozib, hanuzga qadar o’ziga kelolmay , qolgan to’qqiz farzand ham ona mehridan bebahra yashayotganini yozolmayman, yana ko’p gaplarni ham yozolmayman men, chunki… chunki bularga qo’shilib men ham o’z yoshligimga fotiha tortganman, bularga qo’shilib men ham halok bo’lgandayman! Ketamiz. Xayrlashamiz-da ketamiz! Go’yo yig’I shishaga aylangan-u bo’g’zimga qadalib qolganday, go’yoki tishlarim ostida yig’I emas, shisha sinayotganday… Katta yo’lda taksiga o’tiramiz. Haydovchi, yana ikki yigit. Og’aynilar. Yoshlari yigirma to’rt-yigirma beshlarda. Kekirik aralash suhbat. Birovi o’n six kabob, yana birovi dumba yog’ida bo’lgan osh yeganini, rosa maishat bo’lganini haydovchiga aytib kelmoqda. Haydovchi esa “kecha zo’r jononga borganini” suyulib maqtanadi. Tishlarimda endi shishalar emas, toshlar sinayotganini anglayman. Ko’z oldimda esa- marmar lavhalardagi mas’um bolalar. “ Tushamiz!” – deyman Abdulla akaga. Tushamiz. Xotira Bu insoniy tuyg’u oldidagi insoniy BURCH – birovning nuridiydasi bo’lmish o’g’lonning jasadini topshirish, “Sizning o’g’lingiz xizmat burchini bajarayotib qahramonlarcha halok bo’ldi” degan, haligacha biron-bir ota-ona mazmun-mohiyatini anglamagan quruq so’zlarni aytish va yoki juvonmarg yigitni tuproqqa qo’yib, qabriga marmar lavha o’rnatish degani emas. “Qizil Yulduz” topshirildi, bo’ldi, buyog’i bamaylixotir yashayversak bo’ladi”, degani ham emas bu. Aslo! Aslida, o’sha “Qizil Yulduz”, farzandining o’limidan so’ng ota-onaga topshirilgan o’sha cho’g’day orden judolikka ko’nika boshlagan notavonlarning dardini yangilaydiki, kamaytmaydi, kuygan qalblarini laxcha qo’rg’oshinday battar kuydiradiki sovutmaydi. “ Yolg’iz o’g’ilni katta qilgan ona, o’g’li 19 yoshda Afg’onistonda halok bo’lgan volida Minsk viloyat harbiy qo’missariati siyosiy bo’limining boshlig’I huzuriga o’g’liga yodgorlik o’rnatishga yordam berishni so’rab keladi-yu shu zahoti do’q-po’pisaga duchor bo’ladi: o’v, nega yig’layapsiz, nega hammaga o’g’lim halok bo’ldi deb valdirayapsiz? Bu haqda gapirish mumkin emasligini nahotki bilmasangiz? Men buni taqiqlayman sizga!..” Belarus yozuvchisi Svetlana Alekseyevich keltirgan bu misol 37-yillardan yoki Brejnev davridan ham emas, atigi bir yil oldingi hayotdan olingan. Qani endi o’sha siyosiy “ziyrak” boshliq birovning farzandini bila turib o’limga yuborishni ham taqiqlab chiqsa edi va har bir boshliq undan o’rnak olsa edi… Sadriddin aka ham o’g’lining nomi uchun, nomi xas yanglig’ unutilib ketmasligi uchun ko’p yugurdi, hozir ham yugurayapti. Har turli tashkilotlarga, idoralar-u mahkamalarga qatnayverib, hamdardlikni ham, ta’na-dashnomlarni ham ko’p eshitdi. O’g’lining xotirasini abadiylashtirish masalasiga borganida mingboshilardan biri unga, masalan, shu taxlit javob bergan: “ Bizni to’g’ri tushuning. Afg’onistonda o’lganlar juda ko’p. hamma ko’chalarga ularning nomini berolmaymiz”. Iloyo, bu yigitlarni Xudoning o’zi avf etgan bo’lsin va o’z rahmatiga olgan bo’lsin! Ularning ruhlari to hanuz samolarda chirqirab yuribdi, munglug’ va o’ksik ruhlar.
*** General yig’ladi. 1989-yilning 15-fevralida, “Termiz - Hayraton” ko’prigi ustida kuppa-kunduzi, butun insoniyat ko’zi oldida general yig’ladi! Salkam 15 ming askarning o’limini ko’rib yig’isini ichiga yutgan, 37 mingga yaqin mayib o’g’lonning ko’ziga boqib ko’zyoshini ko’rsatmagan general yig’ladi! “Termiz - Hayraton” ko’prigi ustida kuppa-kunduzi, butun insoniyat ko’zi oldida bronemashinadan tushdiyu peshvoz olgani chiqqan o’n to’rt yashar o’g’lini quchib yig’ladi… 1989-yil, yanvar-mart. |
|
|||||||||||
| ||||||||||||